U-connect 2007
Shu yilning 15-16 avgust kunlari poytaxtimizdagi “Le Grand Plaza” mehmonxonasida axborot resurslarini boshqarish va rivojlantirish sohasidagi “U-CONNECT 2007” xalqaro seminari o‘tkazildi. Tadbir O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi va Koreya Respublikasi Axborot vazirligining rasmiy ko‘magida, O‘zbekiston IT-assotsiatsiyasi va Koreya Respublikasining Internetni rivojlantirish milliy agentligi o‘rtasida imzolangan Sheriklik to‘g‘risidagi memorandum doirasida tashkil etildi.
Seminarning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari axborot-tahlil Departamenti mudiri Asror Eshonxo‘jayev, Aloqa va axborotlashtirish agentligi Bosh direktorining o‘rinbosari Asadjon Xodjayev, Koreya Respublikasining Internetni rivojlantirish milliy agentligi Prezidenti Song Kvan Xo, Koreya milliy assambleyasi vakili Vyung Jaye Li va KISTI tashkiloti Prezidenti Yang Byung Tayelar so‘zga chiqishib, O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi hamkorlik tobora mustahkamlanib borayotganini, ushbu seminar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yaqin hamkorlikning yaqqol natijasi ekanligini hamda o‘zaro tajriba almashish, texnologik yordam ko‘rsatish, AKT sohasidagi yangiliklar va ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tishdi.
Seminarda qator muhim masalalar muhokama etildi. O‘zbekiston, Mo‘g‘uliston, Kambodja, Shri-Lanka va Koreya Respublikalarida AKTning rivojiga doir ma’ruzalar o‘qildi. Shuningdek, elektron boshqaruv, infratuzilma va standartlashtirish, internet xavfsizligi va qonuniy himoya, mobil texnologiyalari yo‘nalishidagi qator ma’ruzalar tinglandi.
Shu kabi qiziqarli mavzular ikki kun mobaynida qator davlatlar va mamlakatimiz vakillaridan iborat 200dan ortiq mutaxassislar tomonidan atroflicha muhokama qilindi. Har tomonlama foydali bo‘lgan ushbu seminar axborot jamiyati qaror topishi jarayonining yangi bosqichi sari yana bir qadam tashlash imkonini berdi.



