o'zbek русский english

O‘zbekistonda dasturiy ta’minotni eksport qilish sanoatining ahvoli, rivojlantirish istiqbollari

Axborot texnologiyalari tarmog‘i hozirgi vaqtda ko‘p mamlakatlar iqtisodiyotining eng jo‘shqin rivojlanayotgan tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa dasturiy ta’minot (DT) sanoati va bozori g‘oyat tez sur’atlar bilan taraqqiy etayapti. Chunonchi, jahon DT bozorining har yillik o‘sishi sur’atlari, turli baholarga ko‘ra, 10 foizdan 20 foizgacha bo‘layapti. Eksport uchun DT ishlab chiqish, ya’ni DT autsorsingi bu sho‘’bada asosiy o‘rin tutgan. Ushbu tushuncha buyurtma bo‘yicha DT ishlab chiqish va tayyor “qadoqlangan” mahsulotlar eksport qilinishini o‘z ichiga oladi.

2006 yilning oxiriga kelib, jahon bozoridagi DT eksporti umumiy hajmi 30 mlrd. AQSH dollaridan ko‘proq summani tashkil etdi. DT eksportchilari ro‘yxatida yiliga 10 mlrd. AQSH dollari ishlab topayotgan Hindiston peshqadamlik qilmoqda. Ikkinchi o‘rinda Irlandiya – 4 mlrd. AQSH dollari va uchinchi o‘rinda Xitoy – 3 mlrd. AQSH dollari. Yiliga 1 mlrd. AQSH dollari miqdorida daromad qilayotgan Rossiya to‘rtinchi o‘rinda turibdi. Bu esa, Rossiya axborot texnologiyalari bozorining o‘sish sur’atlarini hisobga olganda, uchta peshqadam mamlakatdan eksport qilinayotgan DT hajmiga bemalol taqqoslasa bo‘ladigan ko‘rsatkich.

O‘zbekistonda yuqori malakali mutaxassislar borligi hamda taklif etilayotgan xizmatlarning narxlari raqobatbardoshligi hisobga olinsa, O‘zbekiston uchun ham DTni eksport qilish rivojlantirilishi alohida muhim ahamiyatga egadir. O‘zbekistonda DT eksporti sanoatining hajmlari, tuzilishi va tendensiyalari to‘g‘risida ekspertlar bahosini olish hamda uni bundan buyon rivojlantirish yo‘llariga doir tavsiyalarni ishlab chiqish maqsadida, BMT Rivojlanish dasturining “AKT siyosati” loyihasi O‘zbekiston axborot texnologiyalari korxonalari va tashkilotlari uyushmasi yordamida "O‘zbekistonda dasturiy ta’minotni eksport qilish sanoati“ni tadqiq etish tashabbusi bilan chiqdi. O‘zbekistonda ilk marotaba o‘tkazilgan bu tadqiqot natijalari O‘zbekiston DT sanoatiga kiruvchi kompaniyalar va tashkilotlarda so‘rab bilish tadbirini o‘tkazish asosida olindi. Natijalar asosida tadqiqot hisoboti tayyorlandi. Unda tarmoqdagi holat va joriy muammolar aks ettirildi.

Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonda DTni eksport qilish bozori hozircha qaror topish bosqichida turibda va uning ko‘lami keng emas. Shunga qaramay, u jo‘shqin rivojlanayapti hamda yanada o‘sish yo‘lidan bormoqda. Chunki, bu yerda mutaxassislar juda katta salohiyatga ega, ishlab chiqarilayotgan mahsulot va xizmatlar sifati nisbatan yuqori, mehnatga haq to‘lash xarajatlari katta emas, bozor talablariga tez moslashiladi va xorijiy buyurtmachilarni o‘ziga jalb etuvchi boshqa omillar ham mavjud. DTni eksport qiluvchi kompaniyalar faoliyatning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish hamda taqdim etilayotgan xizmatlar doirasini kengaytirish hisobiga o‘z biznesini yanada taraqqiy ettirish niyatida ekanligi bilan tasdiqlanadigan, bozorni rivojlantirishga taalluqli boshqa muayyan istiqbollar ham mavjud.

Ayni paytda, tadqiqot natijalari kompaniyalar duch kelayotgan va ular bundan buyon rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan bir qancha qiyinchiliklarni ham ko‘rsatdi. Bu, avvalo, bozor katta sur’atlar bilan o‘sayotgani va tayyorlanayotgan malakali mutaxassislar – dasturchilar, dizaynerlar, tahlilchilar, menejerlar, marketologlar soni kamligi sababli kadrlar yetishmasligi. Mutaxassislar chet mamlakatlarga chiqib ketayotganligi kadrlar yetishmovchiligi masalasini yanada chuqurlashtirmoqda. Malakali kadrlar taqchilligi oqibatida dasturchilar komandalari kichik guruhlarga bo‘linib ishlashga majbur bo‘layaptilar, bu esa tegishlicha, DTni eksport qilish hajmlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatayapti.

Soliq, bojxona, valuta nazorati tizimlari yanada takomillashtirilishi zarurligi, eksport chog‘ida ma’muriy to‘siqlar mavjudligi ham DTni eksport qilish sanoati rivojlanishi yo‘lida o‘ziga xos to‘siq bo‘layapti. Xorijda yetarli darajadagi marketing ko‘magi yo‘qligi oqibatida O‘zbekiston kompaniyalari jahon bozorida kerakli obro‘ga ega emasligi jiddiy muammo bo‘lmoqda.

Shak-shubhasiz, eksport uchun DT ishlab chiqish O‘zbekistonda muhim tarmoqqa aylanishi mumkin. Biroq, buning uchun mazkur yo‘nalish davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi zarur. Bu ko‘mak, ushbu tadqiqot doirasida ishlab chiqilgan tavsiyalarga muvofiq, ma’muriy hamda qonun hujjatlari bilan tartibga solish ishlarini takomillashtirish, kadrlar tayyorlashni takomillashtirish, zamonaviy texnik infratuzilmani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, tashqi bozorda kompaniyalarga marketing borasida yordamlashish,  sifatni boshqarish tizimi sertifikatlanishini qo‘llab-quvvatlash, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishda yordam berish kabi ko‘rinishlarda bo‘lishi lozim.

O‘zbekistondan DTni eksport qilish rivojlantirilishini davlat qo‘llab-quvvatlashi zarurligi bilan bir qatorda, ushbu tadqiqot doirasida O‘zbekiston AT-Uyushmasi DTni eksport qiluvchi kompaniyalarning manfaatlarini himoyalash va ilgari surish, kompaniyalarga ularning muammolarini hal etishda davlat darajasida ko‘maklashish borasida alohida muhim rol o‘ynashi ta’kidlandi.

Tadqiqot natijalari eng yaqin vaqt ichida o‘zining DT eksporti hajmlarini oshirish va ayni paytda eksport yo‘nalishida dastlabki qadamlarni qo‘yish niyatida bo‘lib turgan mahalliy kompaniyalar uchun foydali bo‘ladi. O‘zbekistondagi DT ishlanmalari sanoati qanday holatdaligini tushunish, hozirgi vaziyatni, imkoniyatlarni hamda muammolarni ko‘rish istagida bo‘lgan xorijiy kompaniyalar uchun ham, agar ular DT sohasidagi xizmatlardan foydalanish va O‘zbekistonda dasturiy mahsulotlarni sotib olish niyatida bo‘lsalar, bu tadqiqot natijalari foydalidir.

Tadqiqotning Rus tilidagi on-layn versiyasini “AKT siyosati” loyihasining veb-saytidan olish mumkin: ko'chirish