BMT Taraqqiyot Dasturining ICTP loyihasida xalqaro volontyorlar kuni
Xalqaro Vestminstr Universitetida Xalqaro volontyorlar kuniga bag'ishlangan tadbir o'tkazildi. Tadbir BMT Taraqqiyot Dasturining “O'zbekistonni rivojlantirish uchun AKT siyosatini shakllantirish va joriy etishda O'zbekiston Respublikasi Hukumatiga ko'maklashish” loyihasi (ICTP) tomonidan tashkillashtirildi.
Xalqaro volontyorlar kuni vujudga kelishining ham o'z tarixi bor: 1985 yilda BMT Bosh Assambleyasi hukumatlarga har yili 5 dekabrni Iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish yo'lida mehnat qiluvchi ko'ngillilarning xalqaro kuni sifatida nishonlashni taklif qildi. O'shandan buyon har yili shu kuni butun dunyoda volontyorlik tadbirlari o'tkazib kelinmoqda. Shuni ta'kidlab o'tmoqchimizki, o'zining bo'sh vaqtini jamiyat farovonligi yo'lidagi xizmatga bag'ishlovchi kishilar Volontyorlar (ko'ngillilar) deyiladi.
Ushbu kunda BMT Taraqqiyot Dasturining ICTP loyihasi tomonidan o'tkazilgan tadbirga ko'plab oliy o'quv yurtlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan qiziquvchi talabalari taklif etildi. Xususan, tadbirda qariyb 50-60 kishi qatnashdi.
Xalqaro volontyorlar kunini tashkil etishga ICTP loyihasining AKT-volontyorlari jalb etildi. Tadbir dasturiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi tanlovlar va musobaqalar kiritilgan edi. Ular AKT sohasiga taalluqli turli tanishtiruv marosimlari bilan uyg'unlikda o'tkazildi.
Tadbir yakunida tanlovlar va musobaqalar g'oliblariga sovrinlar va sovg'alar topshirildi, shuningdek ICTP loyihasida ishlayotgan volontyorlar Xalqaro volontyorlar kuni uchun maxsus tayyorlangan musiqiy kompozitsiyani taqdim etdilar.
Yana shuni ham aytib o'tish joizki, BMT Taraqqiyot Dasturining “O'zbekistonni rivojlantirish uchun AKT siyosatini shakllantirish va joriy etishda O'zbekiston Respublikasi H'ukumatiga ko'maklashish” loyihasi (ICTP)ning katta va muhim tashabbuslaridan biri axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga qiziquvchi volontyorlar (AKT-volontyorlar) bilan ishlashga qaratilgan. Loyiha mana bir necha yildan buyon AKT-volontyorlar bilan ishlayapti va Respublika oliy o'quv yurtlarida ham, talabalarning o'zlarida ham katta qiziqish uyg'otmoqda.
AKT-volontyorlikning asosiy maqsadi uchta katta vazifani qamrab oladi. Bular:
• AKT sohasidagi o'z ko'nikmalarini yaxshilash imkoniga ega bo'lmagan tashkilotlarni volontyorlar yordamida qo'llab-quvvatlash;
• yoshlarga volontyorlikda ishtirok etish imkonini berish, shuningdek yosh avlod o'zini namoyon qilishini osonlashtirish;
• mahalliy volontyorlik kengroq tarqalishida ko'maklashish.



