o'zbek русский english

"Taraqqiyot sari" doirasida o`tkazilgan viktorina goliblari aniqlandi

06.01.2010
small.jpg

“AKT Siyosati” Loyihasida 2009 yil davomida o'tkazilgan “Taraqqiyot sari” teleko'rsatuvi doirasida o`tkazilgan televiktorina g'oliblarini taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi.

Yil boshida, televiktorina doirasida uning g'oliblari uchun 3 ta sovrinli o'rin ajratilgan edi. Yil davomida ko'rsatuv tashkilotchilari nomiga O'zbekistonning barcha viloyatlari va Qoraqalpog'iston Respublikasidan juda ko'plab maktublar oldik. Televiktorinamizning faol ishtirokchilaridan  quyidagilarni aytib o'tishni istardik: Beknazar Abdikomilov, Anabibi Nazarova, Suhrob Abdurasulov, Farhod Rahimov, Rahmatjon Madrahimov, Akmal Abdurahmonov, Munis Abdujabbarova, Shoolim Shomansurov, Dilbar Abdug'offorova va boshqalar. Viktorinamiz savollarga kelgan javoblar turli tuman bo'ldi va tashkilotchilar teleko'rsatuvning ham elektron, ham pochta manziliga kelgan barcha maktublarni o'rganib chiqib, televiktorinaning yakunini chiqarishdi.

Shunday qilib, 2009 yilgi viktorinamiz g'oliblari bilan tanishing:

1-o'rin Suhrob Abdurasulov (Xorazm), sovrin - Canon PowerShot A480 raqamli fotoapparat;

2-o'rin Anabibi Nazarova (Xorazm), sovrin – DVD Player;

3-o'rin Farhod Rahimov (Xorazm), sovrin - Nokia 2680 uyali aloqa telefoni.

Shuningdek, nufuzli mutaxassislardan tashkil topgan hakamlar hay'ati yana qo'shimcha ravishda televiktorinaning eng faol qatnashchilaridan 3 nafariga  rag'batlantiruvchi sovrinlar ajratdi. Jumladan, “Viktorinaning eng yosh ishtirokchisi” nominatsiyasida Toshkentdagi meditsina kolleji o'quvchisi Dilbar Abdug'afforova g'olib deb topilib, unga 8GB USB Flash topshirildi. “Mamlakatning eng uzoq hududi qatnashchisi” nominatsiyasida Qoraqalpog'iston Respublikasining To'rtko'l tumanidan ishtirok etgan  Beknazar Abdikomilov g'olib chiqdi hamda unga kompyuter uchun audioeshitgichlar topshirildi. “Viktorinaning eng faol qatnashchisi”  nominatsiyasida Toshkent shahridan Munis Abdujabbarova g'olib deb topilib, unga kompyuter uchun veb kamera topshirildi.

G`oliblar, ICTP loyihasi mutaxassislari hamda O'zbekiston MTRK jurnalistlaridan tashkil topgan “Taraqqiyot sari” ko'rsatuvining ijodiy guruhiga o'z minnatdorchiliklarini bildirishdi. Qo'shimcha qilish lozimki, televiktorinada yurtimizning barcha viloyatlaridan turli yoshdagi tomoshabinlar ishtirok etishdi, shunisi quvonarliki, ular orasida o'rta maxsus hamda oliy o'quv yurtining talabalari ko'pchilikni tashkil etdi. Shuningdek, ta'kidlashni istardikki, teletomoshabinlar ko'rsatuv orqali nafaqat o'z bilimlarini boyitishdi, balki ularning AKT sohasidagi yangiliklarga, ko'rsatuv sahifalariga bildirgan fikr-mulohazalari hamda takliflari,  ko'rsatuvni yanada mazmunli va qiziqarli qilishga yordam berdi. 5 yil davomida efirga uzatilayotgan “Taraqqiyot sari” ko'rsatuvi, o'z atrofida AKT sohasida ro'y berayotgan voqealarni katta qiziqish bilan kuzatayotgan katta teleauditoriyani to'plashga erishdi.