Axborot texnologiyalari – bolalarga!

2009 yil 25 noyabr, Toshkent shahri. Shu yil 27 noyabrdan 17 dekabrgacha Toshkent shahridagi 21-bolalar uyi tarbiyalanuvchilari uchun kompyuter savodxonligi bo'yicha trening o'tkazilmoqda. Trening BMT Taraqqiyot Dasturining «Mamlakatni rivojlantirish uchun AKT siyosatini shakllantirish va joriy etishda O'zbekiston Respublikasi Hukumatiga ko'maklashish» (ICTP) loyihasi tomonidan tashkillashtirilgan. Treningdan ko'zlangan maqsad - ulg'ayib kelayotgan yosh avlodning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) sohasidagi bilimlari darajasini oshirishdan iboratdir.
Trening dasturi ICTP Loyihasining AKT-volonterlari tomonidan ishlab chiqilgan bo'lib, ularning o'zlari dars jarayonini boshqarishyapti. Bolalar uyining tarbiyalanuvchilari bu dastur asosida Windows operatsion tizimi, Word, Excel, PowerPoint dasturlari bilan ishlash asoslarini o'rganmoqdalar, shuningdek Internet tarmog'idan samarali foydalanish ko'nikmalarini hosil qilyaptilar.
21-bolalar uyi direktori Abdumalik Ro'ziqulovning aytishicha, mazkur trening bolalarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi bilimlarni shakllantirishning muhim bosqichi hisoblanadi. Bu esa, kelajakda albatta sezilarli natijalar berishga xizmat qiladi.
Treningda bolalar uyining 8 yoshdan 14 yoshgacha bo'lgan 12 nafar tarbiyalanuvchisi qatnashmoqda. Ularning o'zlari mashg'ulotlarda qatnashish istagini bildirdilar. Mashg'ulotlar bolalar uyining barcha texnik vositalar bilan jihozlangan yangi kompyuter xonasida haftasiga 3 marta, bir yarim soatdan o'tkazilayapti.
Birinchi trening tugaganidan keyin tashkilotchilar shunday mashg'ulotlarni yana o'tkazish uchun 12 kishilik yangi guruh to'plashni rejalashtirmoqdalar.
AKT-trening tashkilotchilarining ta'kidlashicha, bolalar uylarining tarbiyalanuvchilari uchun bu turdagi mashg'ulotlar o'tkazilishi ular ta'lim olishi va kelajagi uchun qo'shilgan o'ziga xos hissa bo'ladi. Shunday ekan, kompyuter savodxonligi bo'yicha treninglar turkumi davom ettirilishi maqsadga muvofiqdir



