Kompyuter olamini “his” eta olish

Toshkent shahri, 2009 yil 13 oktyabr - 2009 yil oktyabr oyi o'rtalaridan noyabr oyining oxirigacha BMT Taraqqiyot Dasturining ICTP loyihasida ko'rish qobiliyati cheklangan odamlar uchun kompyuter ko'nikmalari bo'yicha trening-kurs o'tkazilyapti.
Treningda O'zbekiston Ko'rlar jamiyatining vakillari, O'zbekiston oliy o'quv yurtlarining talabalaridan iborat qariyb 10 nafar nogiron kishi qatnashadi. Ular mashg'ulotlar davomida HTML, Java Script asoslari bilan tanishadilar, Windows, Excel dasturlarida ishlash, Internet tarmog'idan foydalanishni o'rganadilar, shuningdek ko'rish qobiliyati zaiflashgan odamlar uchun mo'ljallangan JAWS dasturi yordamida mustaqil ravishda sayt yaratish ko'nikmalarini hosil qiladilar. JAWS (Job Access With Speech) – ko'rish qobiliyati zaiflashgan odamlar kompyuter ekranidagi ma'lumotni o'qishlari uchun mo'ljallangan dastur. Mahsulotning maqsadi Microsoft Windows operatsion tizimi qo'llanilgan shaxsiy kompyuterlardan ko'rlar va yaxshi ko'rmaydigan odamlar ham foydalana olishlaridan iboratdir. Bunda foydalanuvchi ekranda aks etgan axborotni qabul qila olishi uchun undagi matn ovoz chiqarib o'qib beriladi, Brayl shrifti esa klaviaturadan cheklovlarsiz foydalanishda yordam beradi.
BMT Taraqqiyot Dasturining ACCESS hamda “AKT Siyosati” (ICTP) loyihalari, O'zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Yosh siyosatshunoslar markazi, shuningdek Jahon bankining O'zbekistondagi vakolatxonasiga qarashli Yoshlar tarmog'i trening tashkilotchilaridir.
Tadbir tashkilotchilaridan biri, Oybek Mahmudovning so'zlariga ko'ra, bunday treninglar ko'rish qobiliyati cheklangan odamlarga axborot texnologiyalari olamini o'rganish va “his etish”, Internet tarmog'ida o'z sahifalarini yaratish, do'stlar topish, muloqot qilish imkonini beradi. Bu esa, o'z navbatida, keyinchalik ularga o'zlarini jamiyatning teng huquqli a'zosi deb his qilishda yordamlashadi.
Mazkur trening ilgari ko'rish qobiliyati cheklangan odamlar uchun Jahon bankining O'zbekistondagi vakolatxonasida kompyuter ko'nikmalari bo'yicha o'tkazilgan trening mashg'ulotlarining ikkinchi bosqichidir. Bu mashg'ulotlarning birinchi bosqichi davomida eng kuchli ishtirokchilar aniqlangan, ularga axborot texnologiyalari sohasidagi o'qishni davom ettirish taklif qilingan edi. Keyinroq bu ishtirokchilarning o'zlari ko'rish qobiliyati zaiflashgan odamlarga kompyuter asoslarini mustaqil ravishda o'rgata oladilar.
Shuni ta'kidlamoqchi edikki, trening ishtirokchilarining ikki nafari hozirgi kunda o'z biznes-rejalarini yaratish ustida ishlayapti, shunday trening ishtirokchisi Dildora Akbutayeva esa hatto «Turkiston» va «Molodyoj Uzbekistana» gazetalariga shtatsiz muxbir sifatida taklif qilingan.
Trening tashkilotchilarining so'zlariga qaraganda, ushbu tadbir ishtirokchilarni 2009 yil dekabr oyida o'tkazish rejalashtirilayotgan videokonferensiyaga tayyorlash maqsadida tashkil etilgan. Unda Yevropa va MDG' mamlakatlaridan keladigan nogiron kishilar qatnashadilar.
Kelajakda ko'rish qobiliyati cheklangan kishilar uchun gumanitar, iqtisodiy va texnik yo'nalishlarda bir qancha treninglar o'tkazish rejalashtirilmoqda.



