«BestSoft – Uzbekistan 2009» dasturiy mahsulotlar milliy ko'rgazmasi ochildi
Bugun Toshkent axborot texnologiyalari universitetining sport kompleksida “BEST SOFT – UZBEKISTAN 2009” dasturiy mahsulotlar milliy ko'rgazmasi ochildi. Shuni ta'kidlash zarurki, o'tgan 3 yil mobaynida ko'rgazma ancha rivojlanib, softver sohasida har yili o'tkaziladigan yetakchi tadbirlardan biridir.
“BestSoft Uzbekistan” ko'rgazmasining rasmiy ochilish marosimida O'zbekiston Respublikasining bir qancha vazirliklari va idoralaridan vakillar, shuningdek BMTning O'zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi va BMT Taraqqiyot Dasturining doimiy vakili Anita Nirodi xonim qatnashdilar.
BMTning O'zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi va BMT Taraqqiyot Dasturining doimiy vakili Anita Nirodi xonim ko'rgazmani ochar ekan, xususan, butun AKT sohasi taraqqiy etishi uchun dasturiy mahsulotlar bozorini rivojlantirish naqadar katta ahamiyatga egaligini ta'kidladi.
“BMT Taraqqiyot Dasturi O'zbekiston Respublikasi G'ukumati va O'zbekiston AT-uyushmasi bilan o'z hamkorligi doirasida dasturiy ta'minot ishlab chiqish mahalliy sanoatini rivojlantirishda hamda dasturiy mahsulotlarning barqaror va madaniyatli bozorini yaratishda faol ishtirok etmoqda”, - dedi o'z nutqida Anita Nirodi xonim.
Shuningdek, ko'rgazmaning rasmiy ochilish marosimida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo'mitasi raisi A.Mo'minov so'zga chiqib, “VEST SOFT – UZBEKISTAN” ko'rgazmasi dasturiy ta'minot sohasidagi muhim voqea ekanini, u keng ommani va axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislarini mamlakatda dasturiy ta'minot sohasidagi loyihalarni yaratish hamda amalga oshirish amaliyoti bilan tanishtirishini aytdi.
“Umid qilamizki, “BestSoft Uzbekistan” ko'rgazmasi O'zbekistondagi axborotlashtirish jarayonlarini qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari safidan munosib o'rin oladi hamda softver sanoati rivojlanishi uchun yangi istiqbollarni ochib beradi”, - deb ta'kidladi o'z nutqida A.Mo'minov.
Rasmiy ochilish marosimidan keyin ko'rgazma bo'ylab VIP-sayyohat o'tkazildi. Bunda mehmonlar softver sanoatidagi so'nggi ishlanmalar va yutuqlar bilan yaqinroq tanishish imkoniga ega bo'ldilar.
Shuni ta'kidlash joizki, ko'rgazmada biznes-hamjamiyat vakillari va hokimiyat organlari uchun ham, aholi keng qatlamlari uchun ham mo'ljallangan respublika softver sanoatining barcha mavjud va istiqbolli yutuqlari namoyish qilindi.
Ko'rgazmada eksponentlar sifatida 40dan ziyod kompaniya qatnashmoqda. Ko'rgazma stendlarining umumiy maydoni qariyb 450 kvadrat metrni tashkil etadi. Bu esa, avvalgi yildagidan 16% ko'pdir. O'zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi tizimiga kiruvchi korxonalar va kompaniya o'z stendlarini ko'rgazmaga qo'ydilar. Bular «UNICON.UZ» ilmiy-texnikaviy va marketing tadqiqotlari markazi, «Uzinfocom» markazi, Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti, Yosh dasturchilarni tayyorlash va qo'llab-quvvatlash markazi va boshqalardir. Ko'rgazma ishtirokchilari orasida mamlakatimiz kompaniyalari bilan bir qatorda AQSh, Avstriya, Germaniya, Rossiya, Qozog'iston kabi va boshqa mamlakatlarning kompaniyalarini ham ko'rish mumkin.



