o'zbek русский english

BestSoft Uzbekistan - 2007 dasturiy mahsulotlar birinchi milliy ko‘rgazmasi

17.05.2007 - 18.05.2007, Tashkent, Uzbekistan

Ekspozitsiya axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislari va keng ommani mamlakatimizda dasturiy ta’minot borasida loyihalarni yaratish hamda implementatsiya qilish amaliyoti bilan tanishtirdi U O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi ko‘magida O‘zbekiston axborot texnologiyalari korxona va tashkilotlari assotsiatsiyasi (IT-assotsiatsiya) tomonidan tashkil etildi.

Ko‘rgazmada biznes-hamjamiyat vakillari, hokimiyat organlari va aholining keng qatlamiga mo‘ljallangan respublika softver sanoatining mavjud hamda istiqbolli yutuqlari namoyish etildi. Uning 17 may kuni o‘tkazilishi bejiz emas. Negaki, 2005 yilda Xalqaro elektr aloqa ittifoqi tomonidan 17 may Xalqaro axborot hamjamiyati kuni deb e’lon qilingan. Shu sababli ham bu galgi ko‘rgazma O‘zbekistonning xalqaro tashabbusga qo‘shgan o‘ziga xos hissasi hisoblanadi.

Tadbirda axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan 55 dan ortiq mahalliy va xorijiy kompaniya ishtirok etishdi. Ularning ixtisoslashuv ko‘lami ancha keng bo’ldi. Bular tizimli integrator - kompaniyalar, dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilar va ishlab chiqaruvchilar, kontent-provayderlar, axborot texnologiyalaridan foydalanadigan kreativ yechimlar generatorlari, ilmiy va ta’lim institutlaridir.

Ko‘rgazmaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2002 yil 30 mayda qabul qilingan «Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish to‘g‘risida»gi farmonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi strategik ustuvor vazifalarni amalga oshirish, jumladan, mahalliy dasturiy mahsulot bozorini rivojlantirishga doir amaliy chora-tadbirlar belgilangani ta’kidlandi.

AT-assotsiatsiyasi ijrochi direktori Ilhom Abdullayevning so‘zlariga qaraganda, namoyish etilgan ekspozitsiya respublikamizda mahalliy dasturiy ta’minot bozorini rivojlantirish borasida katta ishlar amalga oshirilganidan dalolat beradi. O‘zbekiston kompaniyalari ko‘plab o‘z ishlanmalariga ega, dunyoda dasturiy mahsulotlar yaratish va tarqatish sohasida yetakchilik qilayotgan korxonalar bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan, respublikamiz oliy o‘quv yurtlarida yosh dasturchilar tayyorlanmoqda. Buning uchun esa ixtisoslashtirilgan markaz tashkil etildi.

Ko‘rgazma qatnashchilari o‘z mahsulotlarini namoyish etishdi, xizmatlar va tovarlar iste’molchilari esa ushbu mahsulotlar bilan yaqindan tanishdilar. Buning natijasida buyurtmachilarning xabardorligini oshirish hisobidan biznesni kengaytirish va yangi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliy aloqalar o‘rnatish uchun imkoniyatlar ochildi.

Ko‘rgazma dasturida seminar va anjumanlar o‘tkazish, taqdimot dasturlarini namoyish qilish, sohadagi so‘nggi yutuqlarni joriy etish bo‘yicha tajriba almashinildi.

Shuningdek, ko‘rgazma doirasida “Eng yaxshi dasturiy mahsulot – yil markasi”, “2006 yilda joriy etilgan eng yaxshi loyiha”, “IT-ta’lim sohasidagi eng yaxshi kompaniya” nominatsiyalari bo‘yicha respublika tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Kompaniyalar vakillari uchun o‘z mahsulot va xizmatlarini taklif etish bo‘yicha buyurtmachilar bilan bevosita tanishish mashg‘ulotlarini o‘tkazish imkonini beradigan, doimiy faoliyat ko‘rsatadigan “seminar xonalari” tashkil etildi.

Yana bir yangilik. Forum doirasida “IT-mutaxassisi muvaffaqiyati kuni” tadbiri ham o‘tkazildi. Tadbir mutaxassislar uchun bo‘sh o‘rinlar yarmarkasi shaklida tashkil etildi. Bu boradagi dastlabki ishlar http://www.rezume.uz, http://www.jod.doda.uz Internet-saytlari orqali amalga oshirilgan edi. Ushbu saytlarda yarmarkada qatnashishni istaydigan har bir kishi axborot texnologiyalari sohasida ishtirokchi kompaniyalar buyurtmasiga muvofiq har kuni yangilab boriladigan bo‘sh o‘rinlar ro‘yxati bilan tanishishi imloniyatoga ega bo’ldilar. Har bir da’vogar o‘zini qiziqtirgan kompaniya stendlari bilan tanishib, kadrlar xizmati rahbarlari bilan suhbatlashish imkoniga ega bo’ldi.

Ko‘rgazmaning “Sizning muvaffaqiyatingizni dasturlaymiz” deb nomlangan shiori tashkilotchilarning strategik maqsadini aniq aks ettiradi. Bu esa kompyuterda dasturlash O‘zbekistonning global axborot iqtisodiyotiga qo‘shilishining texnologik asosini tashkil etishini anglatadi.